Ikromov, Akmal Ikromovich

UzEnc dan olingan
(Akmal Ikromovdan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search
Akmal Ikromovich Ikromov
Akmal Ikromovich Ikromov
SSSR pochta markasi (1968-yil)
Bayroq
Oʻzbekiston SSR Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasining Bosh kotibi
1929-yildan — 1937-yilgacha
Oʻtmishdoshi: Isaak Zelenskiy
Vorisi: Usmon Yusupov
 
Tavalludi: 1898
Toshkent, Sirdaryo viloyati, Rossiya imperiyasi
Vafoti: 15.03.1938
Moskva, RSFSR
 
Mukofotlari:
Lenin Ordeni

Akmal Ikromovich Ikromov (1898-yil, Toshkent — 1938-yil 15-mart) — sovet davlat va siyosat arbobi. O’zbek SSR hukumat rahbarlaridan biridir.

Biografiya[tahrirlash | manbasini tahrirlash]

Akmal Ikromov 1898-yil Toshkent shahrining Oʻqchi mahallasida maktabdor Ikrom domla oilasida tugʻilgan. Otasining maktabida savod chiqargan. Yoshligidan fors va arab tillarini puxta egallab, sharq adabiyotini chuqur oʻrgangan. Toshkent shahrida oʻqituvchi (1918-1919), „Izchillar toʻdasi“ va „Chigʻatoy gurungi“ aʼzosi, Elxon taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Namangan, Fargʻona, Sirdaryo viloyatlari partiya tashkilotlarida turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan (1919-1921). Turkiston Kommunistlar partiyasi Markaziy Kengashining kotibi va tashkiliy instruktorlik boʻlimi mudiri (1921-1922). Turkiston Respublikasida yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ni amalga oshirilishida tashabbuskorlik qilgan. 1922-1924-yillarda Moskvadagi Kommunistik universitetda oʻqidi. 1925-yil yanvardan Toshkent viloyati partiya komiteti kotibi. 1925-yil fevraldan Oʻzbekiston Kommunistlar Partiyasi Markaziy Kengashi kotibi, birinchi kotibi (1929-yil dekabr — 1937-yil sentabr). 1931-1934-yillarda Butun ittifoq kommunistlar partiyasi markaziy kengashining O’rta Osiyo byurosi kotibi. Butun Rossiya Kommunistik partiya Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi aʼzosi, 1925-1937-yillarda SSSR Kommunistik partiya Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi Prezidiumi aʼzoligiga nomzod. OʻzSSR Kommunistik partiya Markaziy Ijroiya qoʻmitasi Prezidiumi aʼzosi (1925-1937).

Akmal Ikromov mohir publitsist sifatida Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini, xususan paxtachilikni rivojlantirishga, madaniy qurilishga doir koʻplab nazariy maqolalar, ilmiy asarlar yozgan. Ikromov oʻz faoliyati davomida Oʻrta Osiyo Kommunistik partiya byurosi va Markazning koʻrsatmalariga amal qilgan. 1925-1927-yillarda oʻn sakkizlar guruhi, inogʻomovchilikka qarshi gʻoyaviy kurash olib borgan. Oʻzbek SSRda yer-suv islohoti, majburiy jamoatlashtirish, jumhuriyatda (respublikada) zamonaviy sanoat asoslarini qurish va boshqa tadbirlarga rahbarlik qilgan. Jadidlarni „burjua millatchiligi“da ayblagan.

Qatagʻon qurboniga aylanishi[tahrirlash | manbasini tahrirlash]

1937-yil sentabrda Toshkentda qamoqqa olindi. Sovetlarga qarshi „Oʻng trotskiychi blok“ deb atalgan ish boʻyicha Moskvada sud qilinib, SSSRni boʻlib yuborish, jumladan, Oʻrta Osiyo respublikalarini ajratib olish, davlat tuzumini agʻdarish, kapitalizmni, burjuaziya hokimiyatini tiklashda ayblandi va otib tashlandi.

Xotira[tahrirlash | manbasini tahrirlash]

1957-yil 3-iyunda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi Akmal Ikromovni aybsiz deb topdi va u oqlandi. Ikromov xotirasi abadiylashtirilib, Toshkent shahridagi tumanga, yirik koʻchaga, mahallalar va maktablarga uning nomi berilgan. Toshkent va Samarqandda haykali oʻrnatilgan. Ammo keyinchalik uning nomini qaytadan oʻchirish harakatlari amalga oshirildi.