Toʻqimachilik sanoati

Материал из УзЭнц

Toʻqimachilik sanoati — turli xildagi oʻsimlik tolalari, jun va sunʼiy sintetik tolalardan turli gazlamalar, ip va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yengil sanoat tarmogʻi.

Toʻqimachilik sanoati tarkibiga toʻqimachilik xom ashyosini dastlabki qayta ishlash, ip gazlama, zigʻir, kanop, jut tolasidan gazlama, shoyi, jun gazlama, notoʻqima materiallar, toʻr toʻqish, toʻqimachilik-attorlik, trikotaj, kigiznamat bosish sohalari kiradi. Toʻqimachilik sanoati mahsulotlari kiyimbosh va poyabzal ishlab chiqarishda, shuningdek, mebel, mashinasozlik sanoati va boshqalarda ishlatiladi. Oʻzbekistonda toʻqimachilik sanoati yengil sanoatning yetakchi tarmogʻini tashkil etadi.

Tarixi[править | править код]

Toʻqimachilik buyumlari ishlab chiqarish qadim zamonlarda paydo boʻlgan. Gʻoʻza ekish, qoʻlda ip tayyorlash va gazlama toʻqish Hindiston, Xitoy, Misr va Oʻrta Osiyoda miloddan bir necha asr ilgari maʼlum boʻlgan. Toʻqimachilik sanoati mashinalashgan ishlab chiqarishga birinchi boʻlib oʻtgan sanoat tarmogʻidir. Yevropada 18-asrning 2-yarmidagi sanoat inqilobi shu tarmoqdan boshlangan.

Oʻzbekiston hududida qadimda[править | править код]

Oʻzbekiston hududida toʻqimachilik sanoati uzoq tarixga ega. Oʻrta asrlarda mahalliy hunarmandlar tayyorlagan atlas, beqasam, baxmal, banoras, zandanachi, olacha kabi mahsulotlar uzoq mamlakatlarda mashhur boʻlgan, Buyuk ipak yoʻli orqali Yevropa va Yaqin sharq mamlakatlariga chiqarilgan. Lekin mayda tarqoq hunarmandchilikni birlashtirib sanoat asosini yaratish va gazlamalar ishlab chiqarish esa faqat, Sovet ittifoqi davrida, 20-asrning 20-yillaridan boshlandi.

Oʻzbekiston SSR davrida[править | править код]

1926 yilda Fargʻona toʻqimachilik fabrikasining 1-navbati ishga tushirildi (10.000 urchuq va 300 toʻquv dastgohi), 1932 yilga kelib uning 2 va 3-navbatlari ham qurildi (19.900 urchuq, 906 toʻquv dastgohi). 1930 yilda Samarqand shoyi toʻqish fabrikasi ishlay boshladi. 1932 yildan Toshkent toʻqimachilik kombinatini qurish boshlandi. 1935 yil bu kombinat gazlama ishlab chiqara boshladi (33.630 urchuq, 1.152 dastgoh).

Toʻqimachilik sanoati mashinalari, dastgohlari bazasini yaratishda 40-yillarda qurilgan "Toshtekstilmash" zavodining hissasi katta boʻldi. Ulugʻ Vatan urushigacha boʻlgan yillarda Qoʻqon ip yigiruv paypoq toʻquv kombinatlari, Fargʻona, Toshkent trikotaj buyumlari fabrikalari, Margʻilon shoyi kombinati, Samarqand yangi trikotaj fabrikasi barpo etildi. Urush yillarida (1941— 45) Toshkentga Rostov, Don shahridan trikotaj, Leningraddan ip, Margʻilonga Ijevskdan shoyi toʻqish, Fargʻonaga yigiruv-toʻquv fabrikasi koʻchirib keltirildi. Natijada Oʻzbekiston SSRda toʻqimachilik sanoati oʻsish surʼatlari tezlashdi. 50-yillarda yangi korxonalarni qurish, ishlab turgan korxonalarni kengaytirish davom etdi. 60-yillar oʻrtalarida Namangan kastyumbop va shtapel gazlamalar kombinati qurila boshlandi. Toshkentda "Malika" trikotaj ishlab chiqarish kombinati, Buxoro toʻqimachilik kombinati (1973—76), Namangan notoʻqima materiallar ishlab chiqarish birlashmasi (1974), Pop notoʻqima materiallar kombinati (1977), Andijon ip gazlama kombinatining 1-navbati (1981), Xiva gilam kombinati qurib ishga tushirildi. 80-yillarda yirik toʻqimachilik korxonalarida bir qancha filiallar ochildi. Shuningdek, Paxtaobod, Chuvama, Qoʻrgʻontepa, Marhamatda hamda Gʻijduvon va Vobkentda fabrikalar qurilib ishga tushirildi. Filiallarda ham ishlab chiqarish texnologik siklining tugal boʻlishiga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi davrida[править | править код]

90-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi toʻqimachilik sanoati yangi sifat oʻzgarishlari bosqichiga oʻtdi. Respublikaning xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalari tobora kengayib, chet ellik sheriklar bilan barpo etilgan qoʻshma korxonalar soni koʻpayib bordi.

Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri jahon bozoriga paxta tolasini chiqarish emas, balki jahon bozorida raqobatbardosh ip gazlama ishlab chiqarishni koʻpaytirishdan iborat strategiya tanlandi. 2019-yil maʼlumotiga koʻra, ilgari har yili bir milliard dollar paxta tolasi eksport qilinar edi. Shu tola 100% yurtimizda chuqur qayta ishlansa, qariyb 5 milliard dollarlik toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, kamida 2 milliard dollar, yoki tola eksportiga nisbatan 2 barobar koʻp eksport qilishi mumkin boʻladi. Agar dunyoga mashur brendlar ostida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilsa, qoʻshilgan qiymat 5 barobar emas, balki 10-15 barobar ortadi.[1]

Shu maqsadda AQSH, Italiya, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Koreya Respublikasi va boshqa mamlakatlar firmalari bilan ip gazlama ishlab chiqaradigan yangi qoʻshma korxonalar tashkil etildi. Korxonalarni chet el ilgʻor toʻqimachilik texnologiyasi bilan jihozlash boshlandi. 1993—94 ylarda "Buxoroteks" aksiyadorlik jamiyatiga Shveytsariya, Germaniya uskunalari oʻrnatildi. 1994 yilda Turkiyaning "Yazeks" korporatsiyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqalʼa tumanida toʻliq texnologik siklli toʻqimachilik majmui ishga tushirildi.

1995 — 2003 yillarda Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatiga kiritilgan xorij sarmoyalari 519,89 million AQSH dollaridan ortiqroq miqdorni tashkil etdi, shu jumladan, [[Ushbu maqola tanlangan maqolalar sarasiga kiradi Koreya Respublikasi|Janubiy Koreyaning]] "Kabul tekstaylz" kompaniyasi kiritgan investitsiya 186 million, Turkiyaning "Timi", "Tipash" kompaniyasi 75 million (Namangandagi "Kosonsoy—Tikmen" kostyumbop va paltobop gazlamalar, jun choyshab va qoʻlda toʻqiladigan gilamlar uchun yigirilgan ip), "Bursel" firmasi 52,9 million (Chinoz toʻqimachilik kombinati), "Astop" firmasi 40,3 million ("Asnamtekstil"), Yaponiyaning "Marubeni" firmasi 60 million ("Silk Road", Namangan) AQSH dollaridan iborat boʻldi. Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi tobora oʻsib bormoqda. Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatida 2003 yilda 453,3 million m² gazlama, shu jumladan, 415,2 million m² ip gazlama, 167 million juft paypoq, 28,6 million dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Boshqa mamlakatlarda[править | править код]

Chet mamlakatlarda toʻqimachilik sanoati Hindiston, Xitoy, AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, GFR, Misrda ayniqsa taraqqiy etgan. Rivojlangan mamlakatlar toʻqimachilik sanoatida birinchi oʻrinni paxta tolasidan ip gazlama ishlab chiqarish egallaydi, jun va shoyi gazlamalar ishlab chiqarish keyingi oʻrinlarda turadi.[2]

Adabiyot[править | править код]

  • Olimboyev E., Davirov Sh., Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati mahsulotlari va ularni ishlab chiqarish texnologiyasi, T., 2002.

Manbalar[править | править код]

  1. Президент ҳузурида видеоселектор йиғилиши, 2019-yil 6-fevral, Oʻzbekiston24 lavhasi
  2. "Toʻqimachilik sanoati" OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil